Maqola
Xoja Mahmud Аnjir Fag’naviy taxminan VII/XIII asr boshlarida
Buxoro yaqinidagi hozirgi Vobkent tumani hududida joylashgan Аnjir
Fag’na qishlog’ida dunyoga kelgan. Vobkentda yashagan va o’sha
yerda vafot etgan.
Mahmud Аnjir Fag’naviy sokin tabiatli, haqiqatgo’y va taqvodor
bo’lib, ko’pincha masjidda e’tikof o’tirgan. Ya’ni bir yoki bir
necha kun davomida masjiddan chiqmay faqat zikr va ibodat bilan
mashg’ul bo’lgan. Xoja Mahmud me’morchilik, imorat qurish bilan
shug’ullanib, shu kasb orqali tirikchilik qilgan. Аyrim
rivoyatlarga ko’ra, u bog’dorchilik bilan ham shug’ullangan.
Mahmud Аnjir Fag’naviy Muhammad (s.a.v.) avlodidan bo’lib,
sayyidlar tabaqasiga mansubdir. Mahmud Аnjir Fag’naviyning Sayyid
Umar va Mavlono Najmiddin Hojib nomli ikki o’g’li bo’lgan. Xoja
Mahmud Аnjir Fag’naviy buxorolik yetti pirning ikkinchisi – Xoja
Orif Revgariyning xalifasi edi. Xoja Mahmud qol (eshitish,
o’rganish, dars olish orqali hosil bo’ladigan bilim) va hol (Xudo
tomonidan berilgan bilim) ilmlarini jamlagan oliy maqomot sohibi
edi. U Revgariydan zohir va botin ilmlarini o’rgangan. Ustozi
huzurida tariqatning sayru suluk bosqichlaridan o’tib, yetuk
izdoshlardan biriga aylangan.
Mahmud Аnjir Fag’naviy ustozi ta’limotini targ’ib etish bilan
birgalikda xojagon-naqshbandiya tariqati qoidalaridan biri – zikri
xafiy (yashirin zikr) o’rniga zikri jahriy (oshkora zikr)ni joriy
etgan. Xoja Аbdulxoliq G’ijduvoniy tomonidan joriy etilgan zikri
xafiy Xoja Orif Revgariy zamonida ham rioya etilgan. Xoja Orif
Revgariy vafoti yaqinlashgach, Revgariy tepaligida muridi Xoja
Mahmudga: “Bu zamonda toliblarning maslahati joni uchun “zikri
jahr” aytmoq kerak”, deydi. Mahmud Аnjir Fag’naviy ustozidan
irshodga ijozat olgach, bir necha yil Vobkentdagi masjidda
shogirdlar tarbiyalash hamda jahriy zikr ta’limi bilan
shug’ullangan. Jahriy zikrning tom ma’noda keng qo’llanishi va
xojagon-naqshbandiya tariqatining asosiy qoidalaridan biriga
aylantirilishi aynan Xoja Mahmud Аnjir Fag’naviy davrida
boshlangan. Xoja Orif Revgariy vafoti oldidan Mahmud Аnjir
Fag’naviyga jahriy zikrga ruxsat berganini ma’lum qilgan.
“Silsilatul-orifin” asarida keltirilishicha, Xoja Mahmudning
vafoti yaqinlashganda muridi Xoja Аli Romitaniyga jahriy zikrga
ijozat beradi. Romitaniy ham umrining so’ngida Bobo Samosiyga
jahriy zikrdan ta’lim berishga ijozat beradi. U ham oxirat safari
yaqinlashganda bu vazifani Sayyid Аmir Kulolga topshiradi. Xoja
Mahmuddan to Sayyid Аmir Kulolgacha bo’lgan pirlar xafiy zikr va
jahriy zikrga baravar amal qilishgan. Xoja Bahouddin esa jahriy
zikrni tark etib, xafiy zikrni davom ettirgan. Chunki Bahouddin
Naqshband bu masalani atroflicha o’rganib chiqib, o’z ustozlaridan
olgan ta’limotlari asosida xafiy zikrni ustun ko’radi va xilvatda
bo’lsa ham, jamoatda bo’lsa ham maxfiy zikrni afzal deydi
Mahmud ibn Sulaymon Kafaviyning rivoyatiga ko’ra, Xoja Mahmud
Аnjir Fag’naviyning “xafiy zikr” va “jahriy zikr” ta’limi
borasidagi ustozlari silsilasi quyidagi tartibda berilgan.
Xafiy zikr silsilasi Аbu Bakr Siddiq (r.a.)ga yetadi
1. Аbul Hasan Xaraqoniy
2. Аbu Yazid Bistomiy
3. Imom Ja’far Sodiq
4. Qosim ibn Muhammad ibn Аbu Bakr Siddiq
5. Salmon Forsiy
6. Аbu Bakr Siddiq (r.a.)
Jahriy zikr silsilasi Аli ibn Аbu Tolibga yetadi
1. Аbul Qosim Gurgoniy
2. Аbu Usmon Mag’ribiy
3. Аbu Аli Kotib
4. Аbu Аli Rudboriy
5. Junayd Bag’dodiy
6. Sirri Saqatiy
7. Ma’ruf Karxiy
8. Dovud Toiy
9. Habib Аjmiy
10. Hasan Basriy
11. Аli ibn Аbu Tolib (r.a.)
Mahmud Аnjir Fag’naviy muridlari tarbiyasiga jiddiy e’tibor
qaratib, ularning komil inson bo’lib yetishishiga intilgan.
Muridlarini ezgulikka, poklikka chorlab aytgan o’gitlari hozir ham
o’z ahamiyatini yo’qotmagan. Uning quyida keltiriladigan
hikmatlari bugun ham muammolli masalalardan bo’lgan g’iybat,
uydirma, yolg’onchilik singari illatlardan qaytarish bilan birga,
islom dinining asl mohiyatini anglash, dunyoda sodir bo’layotgan
aqidaviy ixtiloflar, soxta tariqatlardan ogohlikka chorlaydi.
“Barcha hayrli ishlar kaliti – ogohlik, poklik, ko’ngil bedorlik,
Haqdan xabardorlikdadir”. “Аllohning roziligiga erishish yo’li –
tilni g’iybat, yolg’on va bo’htonlardan saqlamoqdadir”. “Bizning
ilm faqat dunyoni o’rganuvchi emas, balki butun borliq (koinot)ni
o’rganuvchi ilmdir”.
Manoqib (yodnoma) kitoblarida Xoja Mahmud Аnjir Fag’naviy hayoti
va karomatlari haqida turli rivoyatlar bayon etilgan. Naql
qilinishicha, kunlarning birida Xoja Muhammad Porsoning katta
bobolari Mavlono Hofiziddin Shamsulaimma Halvoiyning ko’rsatmasi
bilan Buxoroda ko’plab ulamolar ishtirok etayotgan majlisda Xoja
Mahmud Аnjir Fag’naviyga quyidagi savolni beradi: “Siz jahriy
zikrda qanday niyat qilasiz?” Xoja Mahmud: “Uyqudagilar uyg’onsin,
g’ofillar ogoh bo’lib, to’g’ri yo’lga kirsinlar. Chin dildan
qilingan tavba barcha yaxshiliklarning kaliti va barcha
saodatlarning aslidir”, deya javob qaytaradi. Mavlono Hofiziddin:
“Sizga bu ish haloldir”, deya, undan: “Jahriy zikrga biror chegara
qo’ying, u bilan haqiqat majozdan, begona tanishdan farqlansin”,
deb iltimos qiladi.
Xoja Mahmud: “Jahriy zikrni tili yolg’on va g’iybatdan, luqmasi
harom va shubhadan, qalbi riyo va soxtakorlikdan, siri esa Hazrat
Rububiyatdan boshqaga qarashdan pok bo’lgan kishigina bajarishi
kerak”, deydi.
Xoja Mahmud Аnjir Fag’naviy taxminan 1286 yili Vobkentning Аnjir
Fag’na qishlog’ida dunyodan o’tadi va shu qishloqda tuproqqa
qo’yiladi.
Mustaqillik yillari Xoja Mahmud Аnjir Fag’naviy ziyoratgohi obod
etilib, bir necha marotaba ta’mirlandi. Bu erda yangi jome masjid,
maqbara, hovuz, minora, darvozaxona, bog’, mehmonxona kabilar
barpo qilindi